Ilovani yuklab oling
Yuklab olish
ДИКЛОФЕНАК НАТРИЯ

Oson Apteka - Dorixonalar ma'lumotnomasi

ДИКЛОФЕНАК НАТРИЯ АМПУЛЫ 3МЛ №5

3 000 so'mdan
(2804)
Dorixonalardagi narx
Xususiyatlari
Xalqaro nomi
DICLOFENAC
Ishlab chiqaruvchi
ДЖУРАБЕК
Chiqarilish shakli
АМП
Farma. Guruh
Нестероидные противосполительные препараты
Dori tafsilotlari
Dori shakli: 
Tarkibi:
Taʼrifi: 
Farmakoterapevtik guruhi: 
Farmakologik xususiyatlari
Qoʻllanilishi
Qoʻllash usuli va dozalari
Qoʻllash mumkin boʻlmagan holatlar
Dorilarning oʻzaro taʼsiri
Maxsus koʻrsatmalar
Dozani oshirib yuborilishi
Chiqarilish shakli
Saqlash sharoiti
Yaroqlilik muddati
Dorixonalardan berish tartibi
Dori shakli: 

25 mg/ml mushak ichiga yuborish uchun eritma.

 

Tarkibi:

Bir ampla quyidagilarni saqlaydi:

faol modda: diklofenak natriy – 75,0 mg;

yordamchi moddalar: propilenglikol, mannit, benzil spirti, natriy pirosulfiti, natriy gidroksidining 1 M eritmasi, inyeksiya uchun suv.

 

Taʼrifi: 

biroz boʻyalgan benzil spirtining kuchsiz hidiga ega boʻlgan tiniq suyuqlik.

 

Farmakoterapevtik guruhi: 

Nosteroid yalligʻlanishga qarshi va revmatizmga qarshi vositalar. Sirka kislotasining hosilalari va ularning analoglari.

 

Farmakologik xususiyatlari

Yalligʻlanishga qarshi, ogʻriqni qoldiruvchi va isitmani tushiruvchi taʼsir koʻrsatadi. Siklooksigenaza 1 va 2 ni tanlamasdan susaytirib, araxidon kislotasining metabolizmini buzadi, yalligʻlanish oʻchogʻida prostaglandinlarning (Pg) miqdorini kamaytiradi. Yalligʻlanish xarakteriga ega boʻlgan ogʻriqlarda koʻproq samaralidir. Barcha NYAQV kabi, preparat antiagregant faollik koʻrsatadi.

 

Qoʻllanilishi

Diklofenak natriyni mushak ichiga yuborilishi oʻtkir ogʻriqda, shu jumladan buyrak sanchigʻida, osteoartroz va revmatoid artritni zoʻrayishida, beldagi oʻtkir ogʻriqda, podagra xurujida, jarohatda va sinishda oʻtkir davrda, operatsiyadan keyingi ogʻriqda koʻrsatilgan.

 

Qoʻllash usuli va dozalari

Mushak ichiga, chuqur yuboriladi. Preparat oʻtkir holatlarni davolash yoki surunkali kasallikni zoʻrayishini bartaraf qilish uchun qoʻllanadi.

Kattalar uchun bir martalik doza – 75 mg (bitta ampula). Zarurati boʻlganida qayta yuborish mumkin, ammo 12 soatdan oldin emas. Maksimal sutkalik doza – 150 mg
(2 ampula).

Preparatni mushak ichiga yuborishning davomiyligi 2 haftadan oshmasligi kerak, 65 yoshdan oshgan patsiyentlar uchun 2 kundan koʻp emas, sinchkov tibbiy kuzatuvi ostida, keyinchalik peroral qabulga oʻtiladi.

Noxush holatlarni yuz berish xavfini kamaytirish maqsadida preparatni eng kichik samarali dozada eng qisqa vaqt davomida buyurish kerak.

Keksalarda dozalash tartibi. Keksa patsiyentlarda diklofenakning farmakokinetikasida klinik ahamiyatli oʻzgarishlar boʻlmaganiga qaramay, nosteroid yalligʻlanishga qarshi preparatlarni nojoʻya reaksiyalarni rivojlanish xavfi yuqori boʻlgan patsiyentlarda ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak. Keksa yoshdagi kuchsizlangan patsiyentlarda yoki tana vazni kam boʻlgan patsiyentlarda eng kichik samarali dozani ishlatish tavsiya etiladi; NYAQP ni qabul qilinganda patsiyentlarda meʼda-ichakdan qon ketishlarini rivojlanishini nazorat qilish lozim.

Buyrak yetishmovchiligida dozalash tartibi. Diklofenakni ogʻir buyrak yetishmovchiligi boʻlgan patsiyentlarda qoʻllash mumkin emas. Buyrak yetishmovchiligi boʻlgan patsiyentlar orasida maxsus tadqiqotlar oʻtkazilmagan, shuning uchun preparatni dozalash boʻyicha tavsiyalar yoʻq. Diklofenakni yengil va oʻrtacha darajadagi buyrak yetishmovchiligi boʻlgan patsiyentlarda ehtiyotkorlik bilan qoʻllash tavsiya etiladi.

Jigar yetishmovchiligida dozalash tartibi. Diklofenakni ogʻir jigar yetishmovchiligi boʻlgan patsiyentlarda qoʻllash mumkin emas. Jigar yetishmovchiligi boʻlgan patsiyentlar orasida maxsus tadqiqotlar oʻtkazilmagan, shuning uchun preparatni dozalash boʻyicha aniq tavsiyalar yoʻq. Diklofenakni yengil va oʻrtacha darajadagi jigar yetishmovchiligi boʻlgan patsiyentlarda ehtiyotkorlik bilan qoʻllash kerak.

Nojoʻya taʼsirlari

Tez-tez – 1-10%; baʼzida – 0,1-1%; kam hollarda – 0,01-0,1%; juda kam hollarda – 0,001%, shu jumladan alohida holatlar.

Ovqat-hazm qilish tizimi tomonidan: tez-tez – NYAQV-gastropatiya (gastralgiya, koʻngil aynishi, qusish, diareya, abdominal ogʻriq, meteorizm), anoreksiya; kam hollarda – gastrit, proktit, meʼda-ichak yoʻllaridan qon ketishlar (qon aralash qusish, melena, qon aralash diareya), meʼda-ichak yoʻllarining yaralari (qon ketishi bilan yoki u siz yoki perforatsiyalar), qon ketishi bilan boʻlgan nospetsifik kolit, ogʻizni qurishi; juda kam hollarda – stomatit, glossit, qiziloʻngachni shikastlanishi, ichakning diafragmasimon strikturalari, nospetsifik gemorragik kolit, yarali kolitni zoʻrayishi yoki Kron kasalligi, qabziyat, pankreatit.

Jigar tomonidan: tez-tez – transaminazalar darajasini oshishi; kam hollarda – toksik gepatit (sariqlik bilan yoki u siz), fulminant gepatit, jigar faoliyatini buzilishi; juda kam hollarda – yashin tezligidagi gepatit.

Nerv tizimi tomonidan: tez-tez – bosh ogʻrigʻi, bosh aylanishi, kuchli charchoqlik; kam hollarda – uyquchanlik; juda kam hollarda – sezuvchanlikni buzilishi, shu jumladan paresteziyalar, xotirani buzilishi, tremor, tirishishlar, xavotirlik, serebrovaskulyar buzilishlar, dezoriyentatsiya, depressiya, uyqusizlik, tungi “dahshatlar”, jizzakilik, ruhiy buzilishlar, aseptik meningit; tez-tezligi nomaʼlum – koʻrish nervining nevriti, ongni chalkashishi, galyutsinatsiyalar, lohaslik.

Sezgi aʼzolari tomonidan: tez-tez – vertigo; juda kam hollarda – koʻrish oʻtkirligini pasayishi, diplopiya, skotoma, eshitishni pasayishi, quloqlarni shangʻillashi.

Teri qoplamalari tomonidan: tez-tez – toshma; kam hollarda – eshakemi; juda kam hollarda – gematomalar, bullez toshmalar, ekzema, shu jumladan koʻp shaklli ekzema va Stivens-Djonson sindromi, Layell sindromi, eksfoliativ dermatit, qichishish, sochni toʻkilishi, fotosensibilizatsiya, purpura.

Siydik-chiqarish tizimi tomonidan: tez-tez – nefrotik sindrom (shishlar); juda kam hollarda – oʻtkir buyrak yetishmovchiligi, gematuriya, protenuriya, oliguriya, interstitsial nefrit, buyrak soʻrgʻichi nekrozi, sistit, antidiuretik gormonining noadekvat sekretsiyasini eslatuvchi sindromi koʻrinishidagi elektrokolit muvozanatini buzilishi, spontan giponatriyemiya.

Qon yaratish aʼzolari tomonidan: kam hollarda – trombotsitopeniya, leykopeniya, gemolitik va aplastik anemiya, agranulotsitoz, lokal spontan qon ketishlari va trombotsitlar agregatsiyasini ingibitsiya qilinishi, qon ketishi vaqtini uzayishi.

Yurak-qon tomir tizimi tomonidan: juda kam hollarda – yurakni urib ketishi, koʻkrakda ogʻriq, arterial bosim (AB) ni oshishi, vaskulit, yurak yetishmovchigi, miokard infarkti.

Nafas tizimi tomonidan: kam hollarda – bronxial astma (shu jumladan hansirash), juda kam hollarda – pnevmonit.

Endokrin buzilishlari: juda kam hollarda – impotensiya.

Allergik reaksiyalar: juda kam hollarda – anafilaktik/anafilaktoid reaksiyalar, shu jumladan arterial bosimni yaqqol pasayishi va shok; juda kam – angionevrotik shish (shu jumladan yuzni shishi).

Mushak ichiga yuborilgan joyida: tez-tez – achishish; juda kam hollarda – infiltratsiya, aseptik nekroz, yogʻ toʻqimasining nekrozi.

 

Qoʻllash mumkin boʻlmagan holatlar

Oʻta yuqori sezuvchanlik (shu jumladan boshqa NYAQV ga), meʼda-ichak yoʻllarining eroziv-yarali shikastlanishlari (zoʻrayish bosqichidagi), anamnezda NYAQV ni qabul qilish bilan bogʻliq meʼda-ichakdan qon ketishlari va perforatsiya; anamnezda meʼdaning faol yoki qaytalanuvchi yarasi/qon ketishi (tasdiqlangan yara yoki qon ketishining ikki va undan ortiq epizodi); bronxial astma (zoʻrayish xavfi); atsetilsalitsil kislotasi yoki boshqa nosteroid yalligʻlanishga qarshi vositalarini qabul qilish oqibatida qoʻzgʻalgan eshakemi yoki oʻtkir rinit; ogʻir buyrak/jigar va yurak yetishmovchiligi; qon yaratilishini buzilishi; bolalar (15 yoshgacha), homiladorlik va laktatsiya davri.

Ehtiyotkorlik bilan: meʼda va 12-barmoq ichak yara kasalligi, yarali kolit, Kron kasalligi, anamnezdagi jigar kasalliklari, jigar porfiriyasi, surunkali buyrak yetishmovchiligi, surunkali yurak yetishmovchiligi, arterial gipertenziya, aylanib yuruvchi qon hajmini ancha kamayishi (shu jumladan katta jarrohlik aralashuvlaridan keyingi), 65 yoshdan oshgan keksa patsiyentlar (shu jumladan diuretiklar olayotgan, zaiflashgan va tana vazni kam boʻlgan patsiyentlar), bronxial astma (zoʻrayish xavfi), glyukokortikosteroidlar, antikoagulyantlar, antiagregantlar, serotoninni qayta qamrab olinishining selektiv ingibitorlari bilan bir vaqtda ehtiyotkorlik bilan qoʻllash kerak.

 

Dorilarning oʻzaro taʼsiri

Litiy. Bir vaqtda qoʻllanganida diklofenak litiyning qon plazmasidagi konsentratsiyasini oshishini chaqiorishi mumkin, bu litiyning qondagi darajasini muntazam nazorat qilishni talab etadi.

Digoksin. Bir vaqtda qoʻllanganida diklofenak digoksinning qon plazmasidagi konsentratsiyasini oshishini chaqiorishi mumkin. bu digoksinning qondagi darajasini muntazam nazorat qilishni talab etadi.

Diuretiklar va antigipertenziv vositalar. Diklofenakni diuretiklar yoki antigipertenziv vositalar (masalan, beta-blokatorlar, angiotenzinga aylantiruvchi ferment (AAF) ingibitorlari) bilan bir vaqtda qoʻllash, qon tomirlarni kengaytiruvchi prostaglandinlarni sintezini susayishi natijasida antigipertenziv samarani pasayishiga olib kelishi mumkin. Shu boisdan ushbu majmuani ehtiyotkorlik bilan buyurish lozim va patsiyentlarda esa, ayniqsa keksa yoshli patsiyentlarda arterial bosimni nazorat qilish majburiy hisoblanadi. Gidratatsiyani adekvatligini nazorat qilish va majmuaviy davolashni boshlashdan keyin, ayniqsa diuretiklar va AAF ingibitorlari ishlatilganda, nefrotoksiklik xavfini oshishi tufayli, buyrak faoliyatini monitoringini vaqti-vaqti bilan oʻtkazish lozim.

Giperkaliyemiyani chaqirish xususiyatiga ega dori vositalar. Kaliyni tejovchi diuretiklar, siklosporin, takrolimus yoki trimetoprim bilan bir vaqtda davolash kaliyning zardobdagi darajasini oshirishi mumkin, uni tez-tez nazorat qilish kerak.

Antikoagulyantlar va antitrombotsitar vositalar. Bir vaqtda qoʻllash qon ketishlari xavfini oshishiga olib kelishi mumkin. Diklofenakni antikoagulyantlarning faolligiga taʼsiridan dalolat beruvchi klinik tadqiqotlarning maʼlumotlarni yoʻqligiga qaramay, diklofenak va antikoagulyantlarni bir vaqtda olgan patsiyentlarda qon ketish xavfini oshishi toʻgʻrisida alohida xabarlar bor. Birga qoʻllanganda gemostaz koʻrsatkichlarini sinchkov nazorat qilish lozim. Boshqa nosteroid yalligʻlanishga qarshi vositalar kabi, diklofenak ham yuqori dozada trombotsitlar agregatsiyasini qaytuvchan ingibitsiya qilishi mumkin.

Boshqa NYAQV, shu jumladan siklooksigenaza-2 selektiv ingibitorlari va kortikosteroidlar. Diklofenakni boshqa tizimli NYAQV yoki kortikosteroidlar bilan birga yuborish meʼda-ichakdan qon ketishlari yoki yarani paydo boʻlish xavfini oshirishi mumkin. Ikki va undan ortiq NYAQP ni bir vaqtda buyurishdan saqlanish lozim.

Serotoninni qayta qamrab olinishining selektiv ingibitorlari (SQQOSI): Tizimli diklofenak va SQQOSI ni bir vaqtda buyurish meʼda-ichak yoʻllaridan qon ketish xavfini oshirishi mumkin.

Antidiabetik preparatlar: Klinik tadqiqotlar, diklofenak antidiabetik vositalar bilan birga, ularning klinik samarasiga taʼsir etmay qoʻllanishi mumkinligini koʻrsatdi. Biroq, ham gipoglikemiyani, ham giperglikemiyani rivojlanishining ayrim hollari aniqlangan, bunday hollarda diklofenak bilan davolash vaqtida diabetga qarshi vositalarning dozasiga tuzatish kiritish talab qilinadi. Bunday holatlar qonda glyukozaning darajasini monitoringini talab qiladi, bu yondosh davolash vaqtida ehtiyotkorlik chorasi hisoblanadi.

Metotreksat. Metotreksat bilan davolashdan kamida 24 soat oldin yoki keyin NYAQVlar yuborilganida ehtiyotkorlikka rioya qilish tavsiya etiladi, chunki metotreksatning qondagi konsentratsiyasini oshishi va uning zaharligini kuchayishi mumkin.

Siklosporin. Boshqa NYAQV kabi, diklofenak ham buyrakda prostaglandinlar sinteziga taʼsir etishi tufayli, siklosporinning nefrotoksikligini oshirishi mumkin.

Takrolimus. Diklofenak bilan bir vaqtda qoʻllanganda nefrotoksiklik oshishi mumkin.

Antibakterial xinolonlar. Xinolonlar va NYAQV ni birga qoʻllash oqibatida rivojlangan tirishishlar yuzasidan alohida xabarlar bor.

Fenitoin. Diklofenakni va fenitoinni bir vaqtda ishlatilganda fenitoinning ekspozitsiyasini oshishi tufayli qon plazmasida fenitoinning darajasini monitring qilish lozim.

Kolestipol va xolisteramin. Ushbu preparatlar diklofenakni soʻrilishini oshirishi yoki pasaytirishi mumkin. Shu boisdan diklofenakni kolestipolni/xolesteraminni qabul qilgandan keyin kamida4-6 soatdan keyin qabul qilish tavsiya qilinadi.

Yurak glikozidlari. Yurak glikozidlari va NYAQP bir vaqtda buyurilishi yurak yetishmovchiligini ogʻirlashishiga, buyrak kalavalari filtratsiyasi tezligini pasayishiga va plazmada yurak glikozidining konsentratsiyasini oshishiga olib kelishi mumkin.

Mifepriston. NYAQV, shu jumladan diklofenak ham, mifepristonning samarasi pasayishi mumkinligi tufayli mifepriston qoʻllanganidan keyin 8-12 kun davomida ishlatilmasligilozim.

CYP2S9 potensial ingibitorlari. Diklofenakni CYP2S9 potensial ingibitorlari (masalan, vorikonazol) bilan birga buyurilganda ehtiyotkorlikka amal qilish lozim, ular diklofenakning metabolizmini ingibitsiya qilishi tufayli diklofenakning plazmadagi konsentratsiyasi choʻqqisini va ekspozitsiyasini oshishigaolib kelishi mumkin.

 

Maxsus koʻrsatmalar

Noxush holatlarni yuz berish xavfini kamaytirish maqsadida preparatni eng kichik samarali dozada eng qisqa vaqt davomida buyurish kerak. Diklofenakni tizimli NYAQV bilan, shu jumladan siklooksigenaza-2 ning selektiv ingibitorlari bilan, sinergik samaradan guvohlik beruvchi dalilllarni yoʻqligi tufayli, shuningdek noxush samaralarni potensiyalanishi tufayli, bir vaqtda qoʻllashdan saqlanish lozim.

Preparatni keksa yoshda ehtiyotkorlik bilan buyurish lozim. Kuchsizlangan keksa patsiyentlarda va tana vazni kam boʻlgan patsiyentlarda eng kichik samarali dozani ishlatish kerak.

Boshqa nosteroid yalligʻlanishga qarshi preparatlarni ishlatilganda boʻlgani kabi, diklofenak xam allergik reaksiyalarni, shu jumladan anafilaktik/anafilaktoid reaksiyalarni, xatto preparat ilgari qoʻllanmagan boʻlsa xam chaqirishi mumkin.

Boshqa NYAQV kabi, diklofenak ham, oʻzining farmakodinamik xususiyatlari tufayli, infeksiya belgilari va simptomlarini niqoblashi mumkin.

Eritmada saqlanuvchi natriy metabisulfiti ogʻir darajadagi oʻta yuqori sezuvchanlik reaksiyalarini chaqirishi mumkin.

Meʼda-ichak yoʻllariga taʼsiri. Boshqa NYAQV kabi, diklofenak xam meʼda-ichakdan qon ketishlarini (qon aralash qusish, melena), davolash vaqtida istalgan vaqtla, simptomlar bilan yoki ularsiz va anamnezda MIY ni shikastlanishlarini borligidan qatʼiy nazar yaralar yoki perforatsiya (shu jumladan oʻlim bilan yakunlanuvchi) chaqirishi mumkin. Ushbu asoratlar keksa yoshda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Meʼda-ichak yoʻllarida qon ketishlari yoki yara paydo boʻlganida preparatni bekor qilish lozim. Meʼda-ichak yoʻllarining faoliyatini buzilish simptomlari boʻlgan yoki anamnezida meʼda yoki ichak yaralari, qon ketishlari yoki perforatsiyalari boʻlgan patsiyentlarga diklofenak buyurilganda sinchkov tibbiy kuzatuv oʻtkazish kerak. Meʼda-ichakdan qon ketishlari, yaralar yoki perforatsiyalar xavfi diklofenakning dozasi oshirilganda, shuningdek anamnezida qon ketishlari yoki perforatsiyalar boʻlgan patsiyentlarda yuqori boʻladi.

Keksa yoshdagi odamlarda NYAQP ga nojoʻya reaksiyalarning, ayniqsa fatal boʻlishi mumkin boʻlgan meʼda-ichakdan qon ketishlari va perforatsiyalar tez-tezligini oshishi kuzatilgan. Patsiyentlarda, ayniqsa anamnezida qon ketishlari va perforatsiya boʻlgan, shuningdek keksa yoshdagi odamlarda gastrointestinal toksiklik xavfini kamaytirish uchun, davolashni preparatning eng past samarali dozasi bilan boshlash va samarani bir maromda tutib turish kerak.

Gastrointestinal toksiklik xavfini kamaytirish uchun, ayniqsa atsetilsalitsil kislotasining past dozalarini saqlovchi dori preparatlarni (ASK/aspirin) yoki meʼda-ichak yoʻllarini shikastlanish xavfini oshiruvchi dori vositalarni yondosh qoʻllashga muhtoj boʻlgan patsiyentlarda protektiv vositalarini (masalan, mizoprstol yoki proton pompa ingibitorlarini) qoʻllash bilan majmuaviy davolashni qoʻllash mumkinligni koʻrib chiqish kerak. Anamnezida gastrointestinal toksiklik koʻrinishlari boʻlgan patsiyentlar, ayniqsa keksalar har qanday gʻayri-tabiiy abdominal simptomlar toʻgʻrisida xabar berishlari lozim.

Meʼda-ichak yarasini hosil boʻlishi yoki qon ketishlari xavfini oshiruvchi yondosh preparatlarni: tizimli kortikosteroidlar, antikoagulyantlar (varfarin), serotoninni qayta qamrab olinishining selektiv ingibitorlari (SQQOSI) yoki antitrombotsitar preparatlar (atsetilsalitsil kislotasi) ni qabul qilayotgan patsiyentlarda diklofenakni ehtiyotkorlik bilan ishlatish lozim. Nospetsifik yarali kolit yoki Kron kasalligi boʻlgan patsiyentlarda, zoʻrayishi rivojlanishi mumkinligi tufayli, diklofenak buyurilganda sinchkov tibbiy kuzatuv va ehtiyotkorlik zarur.

Jigar faoliyatini buzilishi boʻlgan patsiyentlar. Preparatni jigar faoliyatini buzilishi boʻlgan patsiyentlarga buyurilganda jigar faoliyati yomonlashishi mumkin. Diklofenakni qabul qilish fonida prodromal simptomlarsiz gepatit rivojlanishi mumkin. Jigar porfiriyasi boʻlgan boʻlgan bemorlarda ishlatilganda ehtiyotkorlikka amal qilish lozim, chunki preparatni qabul qilish xurujlarni rivojlanishini qoʻzgʻatishi mumkin.

Diklofenak bilan davolash vaqtida jigar fermentlarining faolligini oshishi kuzatilishi mumkin. Agar fermentlar faolligini oshishi saqlanib tursa yoki avj olsa, diklofenakni qabul qilishni darhol toʻxtatish kerak.

Buyrak faoliyatini buzilishi boʻlgan patsiyentlar. NYAQV, shu jumladan diklofenakni qabul qilish fonida suyuqlikni tutilishi va shish holatlari qayd etilgan. Oʻziga xos ehtiyotkorlik diklofenakni yurak va buyrak faoliyatini buzilishi, arterial gipertenziyasi boʻlgan patsiyentlarga buyurilganda, keksa odamlarda, siydik haydovchi vositalar yoki buyrak faoliyatiga taʼsir etuvchi dori vositalar bilan muvofiq davolashni olayotgan patsiyentlarda, shuningdek sabablaridan qatʼiy nazar (masalan, jiddiy jarrohlik aralashuvidan oldin yoki keyin) xujayra tashqarisidagi suyuqlik hajmini jiddiy pasayishi boʻlgan patsiyentlarda maxsus ehtiyotkorlik talab etiladi. Diklofenak ishlatilganda ehtiyotkorlik chorasi sifatida buyrak faoliyatini nazorat qilish tavsiya qilinadi. Davolashni toʻxtatish buyrak faoliyatini odatda dastlabki darajasigacha tiklanishiga olib keladi.

Teriga taʼsiri. NYAQV ishlatilganda juda kam hollarda teri tomonidan jiddiy nojoʻya reaksiyalar (shu jumladan oʻlim bilan yakunlanuvchi): eksfoliativ dermatit, Stivens-Djonson sindromi va toksik epidermal nekroliz kuzatilgan. Ushbu reaksiyalarni rivojlanishining eng katta xavfi davolash kursining boshida, davolashning birinchi oyi davomida aniqlangan. Diklofenakni qoʻllashni teri toshmasi, shilliq qavatlarni shikastlanishi yoki oʻta yuqori sezuvchanlikning har qanday boshqa belgilari ilk bor paydo boʻlganida toʻxtatish kerak.

Tizimli qizil yugurigi va biriktiruvchi toʻqima kasalliklari boʻlgan patsiyentlar. Tizimli qizil yugurigi (TQYU) va biriktiruvchi toʻqima kasalliklari boʻlgan patsiyentlarda aseptik meningitni yuz berishining yuqori xavfi qayd etilgan.

Yurak-qon tomir tizimiga taʼsiri. Arterial gipertenziyasi va/yoki suyulikni tutilishi va shishlarni paydo boʻlishi mumkinligi tufayli yengil va oʻrtacha surunkali yurak yetishmovchiligi boʻlgan patsiyentlarning holatini nazorat qilish lozim.

Uzoq muddat davomida yoki preparatni yuqori dozada qoʻllanganda yurak-qon tomir asoratlarini xavfini oshishi mumkinligi tufayli, diklofenakni simptomlarni yaqqollik darajasini kamaytirish uchun zarur boʻlgan minimal samarali dozada va maksimal qisqa vaqt davomida buyurish kerak. Simptomlarni yengillashtirish zarurati va oʻtkazilayotgan davolashga boʻlgan javobni takroriy baholashni vaqti-vaqti bilan oʻtkazib turish kerak. Klinik sinovlar va epidemiologik maʼlumotlar, diklofenakni, ayniqsa yuqori dozalarda (kuniga 150 mg) ishlatilganda va uzoq muddatli davolashda arterial trombozni (masalan, miokard infarkti yoki insultni) yuz berish xavfini biroz oshishidan dalolat beradi.

Nazorat qilib boʻlmaydigan arterial gipertenziyasi, surunkali yurak yetishmovchiligi boʻlgan patsiyentlarda diklofenakni faqat foyda/xavf nisbati sinchkov baholangandan keyingina buyurish mumkin. Ushbu baholash shuningdek yurak-qon tomir kasalliklarini rivojlanish xavf omillari (arterial gipertenziya, giperlipidemiya, qandli diabet va chekish) boʻlgan patsiyentlarda davolash boshlanishidan oldin xam oʻtkazilishi kerak.

Qon tizimiga taʼsiri. Boshqa NYAQP bilan boʻlgani kabi, diklofenak bilan uzoq muddatli davolash vaqtida qon tizimi monitoringi tavsiya qilinadi. Diklofenak trombotsitlar agregatsiyasini qaytuvchan ingibitsiya qilishi mumkin. Gemostazni buzilishi, gemorragik diatezi yoki gematologik buzilishlari boʻlgan patsiyentlarni sinchkov kuzatish kerak.

Bronxial astmasi boʻlgan patsiyentlar. Bronxial astmasi, mavsumiy allergik riniti, burun shilliq qavatini shishi (shu jumladan burun poliplari), oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklari yoki nafas yoʻllarining surunkali infeksiyalari (ayniqsa allergik rinitga oʻxshash simptomlari bilan bogʻliq) boʻlgan patsiyentlarda, NYAQV ga astma xuruji kabi (ular shuningdek analgetiklarni oʻzlashtiraolmaslik deb nomlanuvchi/“aspirin” astmasi), Kvinke shishi yoki eshakemi kabi reaksiyalar boshqa patsiyentlarga nisbatan koʻproq uchraydi. Preparatni ushbu patsiyentlarda maxsus ehtiyotkorlik bilan qoʻllash, iloji boʻlgan hollarda shoshilinch yordam koʻrsatish kerak.  Bu tasdiq boshqa moddalarga allergiyasi boʻlgan patsiyentlarga xam taalluqlidir. Siklooksigenaza faolligini susaytiruvchi boshqa preparatlar kabi diklofenak natriy va boshva NYAQP anamnezida bronxial astmasi boʻlgan patsiyentlarga yuborilganda bronxospazmni chaqirishi mumkin.

Ayollarda fertillikka taʼsiri. Diklofenakni ishlatilishi ayollarda fertillikni buzilishiga olib kelishi mumkin va shuning uchun homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarga tavsiya etilmaydi. Homilador boʻlishga qiyinchilik his etayotgan va bepushtlikdan aziyat chekuvchi ayollarda diklofenakni bekor qilish kerak.

Homiladorlik vaqtida qoʻllanishi. Prostaglandinlar sintezini susayishi homiladorlikni kechishiga va homilani ona qornida rivojlanishiga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Epidemiologik tadqiqotlarning maʼlumotlari homiladorlikning ilk muddatlarida prostaglandinlar sintezining ingibitorlarini qabul qilingandan keyin homila tashlash va/yoki yurak nuqsonlarini va gastroshizisni rivojlanishining yuqori xavfi toʻgʻrisidaguvohlik beradi. Xavf doza va davolash davomiyligi oshgani sayin oshadi deb hisoblaydilar. Hayvonlarda prostaglandinlar sintezining ingibitorlarini embrionni implantatsiyasini buzilishiga olib kelishi koʻrsatilgan. Bundan tashqari, organogenez davrida prostaglandinlar sintezining ingibitorlarini qabul qilgan hayvonlarda turli rivojlanish nuqsonlarini, shu jumladan yurak-qon tomir tizimining rivojlanishini buzilishlarini yuz berish tez-tezligi oshgan. Diklofenakni homilador ayollarda qoʻllash oʻrganilmagan. Preparatni homiladorlik davrida qoʻllash mumkin emas. Prostaglandinlar sintezining ingibitorlarini homiladorlikning uchinchi qabul qilinganda homilada quyidagilar rivojlanishi mumkin:

– arterial yoʻlni barvaqt yopilishi va oʻpka gipertenziyasi;

– buyrak disfunksiyasi, u avj olganda oligogidroamnion bilan kechuvchi buyrak yetishmovchiligi rivojlanadi.

Onada va homilada/yangi tugʻilgan chaqaloqda qon ketishining vaqti uzayishi mumkin, antiagregatsion samara xattoki diklofenakning juda kichik dozasini qabul qilinganda xam yuz berishi mumkin. Diklofenakni homiladorlikning oxirida qabul qilinganda tugʻruq faoliyatini kuchsizligi rivojlanishi va tugʻruq davomiyligi oshishi mumkin.

Emizish davri. Boshqa NYAQV kabi, diklofenak xam ona sutiga oz miqdorda tushadi. Diklofenakni emizish davrida qoʻllash mumkin emas.

Fertillikka taʼsiri. Boshqa NYAQV kabi, diklofenak xam ayolning fertilligiga taʼsir qilishi mumkin. Uni homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarga tavsiya qilinmaydi. Homilador boʻlishga qiyinchilik his etayotgan yoki bepushtlik yuzasidan tekshiruv oʻtayotgan ayollar diklofenakni qabul qilishni toʻxtatishlari kerak.

Avtotransportni va potensial xavfli mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga taʼsiri. Davolash davrida avtotransportni haydash va diqqatni yuqori jamlash va psixomotor reaksiyalarning tezligini talab etuvchi boshqa potensial xavfli faoliyat turlari bilan shugʻullanishdan saqlanishlari lozim.

Preparat bolalar olaolmaydigan joyda saqlansin va yaroqlilik muddati oʻtgach qoʻllanilmasin.

 

Dozani oshirib yuborilishi

Simptomlari: bosh aylanishi, bosh ogʻrigʻi, oʻpkaning giperventilyatsiyasi, ongni xiralashishi, mioklonik tirishishlar, koʻngil aynashi, qusish, abdominal ogʻriqlar, qon ketishi, jigar va buyrak faoliyatini buzilishi.

Davolash: meʼdani yuvish, faollashtirilgan koʻmir yuborish, arterial bosimning oshishini, buyrak faoliyatini buzilishini, tirishishlar, meʼda-ichak yoʻllarining taʼsirlanishini, nafasni susayishini bartaraf qilishga yoʻnaltirilgan simptomatik davolash. Jadallashtirilgan diurez gemodializ kam samarali (oqsillar bilan juda jadal bogʻlanishi va jadal metabolizmi tufayli gemodializ kam samaralidir).

 

Chiqarilish shakli

3 ml dan ampulalarda, 5 ampuladan kontur uyali oʻramda, 1 yoki 2 kontur uyali oʻramlarni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomasi bilan birga qutiga joylanadi.

 

Saqlash sharoiti

Yorugʻlikdan himoyalangan joyda, 25oS dan yuqori boʻlmagan haroratda saqlansin.

 

Yaroqlilik muddati

3 yil.

 

Dorixonalardan berish tartibi

Retsept boʻyicha.